Suyuq taomlar

Qiymali sho`rva 

Go’shtni suyaklardan ajratib, suyakni qaynatib qo’yasiz, lahimini qiymalaysiz. Sho’rvasiga piyoz, sabzi, pomidor, kartoshka va sarimsoq tug’rab solasiz. Qiymaga mayin tug’ralgan piyoz qo’shib, tuz va murch sepib, xom tuxum chaqib solasiz va yaxshilab mijiysiz. Ana shu qiymadan kaftlar orasida dumalatib yong’oq kattaligidagi kiftalar yasaysiz. Qozondan suyaklarni olib tashlab, qaynab turgan joyiga bitta – ikki – tadan qilib kiftalarni solasiz va 20 – 25 minut mildiratib qo’yasiz. Tayyor taomni 6 – 8 donadan kiymalari bilan kosalarga qo’yib, yuziga mayin qirqilgan oshko’klardan solib mehmon dasturxoniga quyasiz. Masalliq: qiymasiga 500 gr go’sht, 2 – 3 bosh piyoz, 1 dona tuxum, tuz va murch ta`bga ko’ra olinadi; sho’rvasiga go’shtdan ajratilgan suyak, 2 – 3 bosh piyoz, 1 bosh sarimsoq, 2 dona kartoshka, 2 – 3 dona pomidor solasiz, tuzni ta`bga qarab rostlaysiz.

Chuchvara sho`rva 

Yog’liroq mol yoki qo’y go’shtidan suyaklarini ajratib kaynatib qo’ying. Lahimidan qiyma qilasiz, bunga mayin tug’ralgan piyoz solib va tuz sepib mijiysiz. Qattiqroq hamir qorib, zuvala qilib, sochiqqa o’rab 10 – 12 minut tindirib olganingizdan so’ng, avval jo’va keyin o’qlov yordamida qalin – yupqaligini 1 – 2 mm qilib yoyasiz. Yoymadan xajmi 4×4 sm li jildlar kesasiz – da, har bir jildga bir choy qoshig’ida qiyma solib chuchvaralar tugaysiz. Qozondagi suyaklarni olib, mayin tug’ralgan piyoz, katta – katta kubik qilib tug’ralgan kartoshka va pomidor solib qaynatasiz, bunga chuchvaralarni solib pishirasiz. Chuchvara sho’rvaning yuzida qalqigach yana 3 – 4 minut qaynatib, so’ng kosalarga taqsimlaysiz – da, yuziga chopilgan kashnich va murch sepib, mehmon dasturxoniga qo’yasiz. Masalliq: sho’rvasi uchun go’shtdan ajratilgan suyaklar, 2 bosh piyoz, 2 dona kartoshka, 2 – 3 ta pomidor, ta`bga ko’ra tuz; xamiri uchun 300 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,3 stakan iliq suv, 1 choy qoshig’ida tuz; qiymasi uchun 300 gr lahim go’sht, 3 – 4 bosh piyoz, 1 choy qoshig’ida tuz, yarim choy qoshig’ida murch olinadi.

Ugra oshi 

Qo’y go’shtini mayda to’g’rab suyaklarini ham chopib qozonga solasiz, sovuq suv qo’yib qaynatasiz. Bunga mayda tug’ralgan piyoz, pomidor, sabzi yoki kartoshka solib, 2 soat davomida mildiratib pishirasiz. Chuchvaraga tayyorlagandek qilib oshxamir qorasiz, tindirasiz va yoyasiz. Yoymadan eni 2 – 3 mm keladigan ugra kesasiz. Urvog’ini qoqib, qaynab turgan sho’rvaning tuzini rostlaganingizdan keyin solib pishirasiz. Ugra qozon yuziga qalqib chiqqandan so’ng yana 2 – 3 minut qaynatiladi. Ugra oshiga go’shtni qiyma qilib solsangiz ham bo’ladi. Tayyor taom, kosalarning yuziga murch va qirqilgan oshko’klar sepib, dasturxonga keltiriladi. Masalliq: sho’rvasi uchun 500 gr go’sht, 2 – 3 bosh piyoz, 3 – 4 dona pomidor, 2 dona sabzi, 2 dona kartoshka, tuz ta`bga ko’ra olinadi; xamiri uchun 300 gr oq un, 1 dona tuxum, 0,5 stakan suv, 0,5 choy qoshig’ida tuz kerak bo’ladi.

Qovurma sho`rva 

Qo’y yog’ini mayda tug’rab eritib, jizzasini olib qo’yasiz. Go’shtni kabobga tug’ragandek, bosh barmoqning birinchi bo’g’imi kattaligida tug’rab, suyaklarini chopib, dog’ bo’lgan yog’da qovurasiz. Bunga halqa – halqa tug’ralgan piyoz, pomidor solib, to pomidori ezilguncha qovurganingizdan so’ng, parrak – parrak yoki kubik shaklida tug’ralgan sabzi solasiz – da, yumshaguncha qovurasiz. Qozonga suv solishdan oldin, katta kubik yoki parrak usulda tug’ralgan kartoshka solinadi va suv qo’yib mildiratib qaynatiladi. Tuzini rostlab, qalampir ham qo’shing. Batamom pishganda kosalarga taqsimlab, yuziga qirqilgan oshko’klar sepib mehmon dasturxoniga qo’yasiz. Masalliq: 500 gr suy go’shti, 100 gr dumba yog’, 500 gr kartoshka, 2 dona sabzi, 3 – 4 dona pomidor (2 osh qoshig’ida tomat pastasi), 3 – 4 bosh, piyoz, 1 dona qalampir, tuz, ziravor va yuziga sepiladigan oshko’k ta`bga ko’ra olinadi.

Mastava 

Yog’liq go’shtni qiymalab, mayin tug’ralgan piyoz, tuz va murch qo’shib mijiysiz. Qiymadan gilos kattaligida kiftalar yasaysiz. Suyakni qozonga solib qaynab chiqqanidan so’ng, tug’ralgan piyoz, pomidor, kubik qilib tug’ralgan sabzi, sholg’om yoki kartoshka va tayorlangan qiymani solib 40 – 45 minut davomida mildiratib kaynatasiz, tuzini rostlab, yuvilgan guruchni solasiz – da, ezilib ketmay turib qozonni olovdan olasiz. Taomni kosalarga quyib, yuziga qirqilgan yalpiz yoki kashnich, yo ko’k piyoz solib mehmon dasturxoniga kel-tirasiz. Alohida idishda qatiq beriladi. Masalliq: 500 gr go’sht, 3 – 4 bosh piyoz, 1 – 2 dona pomidor, 2 dona sabzi, 2 dona kartoshka yoki sholg’om,1,5 stakan guruch, tuz va oshko’klar ta`bga ko’ra, qo’shish uchun 1 stakan qatiq kerak bo’ladi.


Moshxo`rda 

Ushbu suyuq osh Toshkentda mehmon dasturxoniga qo’yiladigan taomlardan eng mashhuri hisoblanadi. Go’sht va yog’ni mayda qilib tug’raysiz, piyozni xalqa – xalqa, pomidorni parrak – parrak, sabzi bilan kartoshkani kubik shaklida tug’raladi. Jizzasi olingan qo’y yog’i dog’langach, yuqoridagi masalliqlarni birin – ketin solib, me`yoriga yetguncha jazlaysiz. Moshxo’rdaga mayda tug’ralgan po’stdumba ishlatsangiz ham bo’ladi. So’ng suv qo’yib, hali qaynab chiqmasdan moshni solasiz va mildiratib qaynatasiz. (Mehmon kelgunga qadar moshni xas – cho’pdan tozalab, yuvib qo’yganingiz ma`qul, aks holda shoshib qolasiz). Mosh ochilgach yuvilgan guruch qo’shib yana 20 minutcha qaynatsangiz pishadi. Ovqatning tuzi moshi to’la pishgandan keyin rostlanadi. Tayyor taomni dasturxonga tortishdan 10 – 15 minut oldin olovdan olib, dam yedirasiz va kosalarga qo’yib, yuziga qirqilgan kashnich, rayhon yoki yalpiz sepib mehmon dasturxoniga qo’yasiz. Alohida idishda albatta qatiq beriladi. Masalliq: 500 gr go’sht, 100 gr dumba yog’, 1,5 stakan mosh, 1,5 stakan guruch, 2 bosh piyoz, 1 dona sabzi, 2 – 3 dona pomidor, 1 dona kartoshka, tuz, qalampir, oshko’k va qatiq talabga ko’ra olinadi.

Qatiqli xo`rda 

Go’sht, piyoz, pomidor, sholg’om sabzidan olib, mayda kubik (1 sm2) to’g’raysiz. Guruch yoki oqushoqni tozalab, yuvasiz va hamma masalliqa tuz va ziravorlar sepib, yaxshilab mijib aralashtirasiz. Tayyor masalliqning yuzini yopib qo’yasiz, oradan 5 – 10 minut vaqt o’tgach, qozonga solasiz va ustidan suv quyib mildiratib qo’yasiz. Guruchi yumshaganda pishgan hisoblanadi. Tayyor taomni olovdan olib, 10 – 12 minut dam yedirib tobini chiqargach, qozonning uzida qattiq qo’shib aralashtirasiz va kosalarga quyib, yuziga oshko’k (kashnich, rayhon) sepib keltirasiz. Masalliq: 300 gr lahim go’sht, 300 gr guruch (oqushoq) 2 bosh piyoz, 2 dona sabzi, 2 dona pomidor, 1 dona sholg’om, 3 litr suv, 1 kosa qattiq, ta`bga ko’ra tuz, ziravorlar va kashnich kerak bo’ladi.

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога